Tez-tez soʻraluvchi savollar
Ortatil nima?
Ortatil barcha musulmon turkiy tilda gaplashuvchilar uchun eng tushunarli boʻlgan oʻzaro aloqa tilidir.
Qaysi turkiy tillar asos qilib olinadi?
Tillar 3 lahjaga boʻlinadi: Oʻgʻuz, Qarluq, Qipchoq:
- Oʻgʻuz
- Turkcha
- Ozarbayjoncha
- Turkmancha
- Qrim-tatarcha
- Qarluq
- Oʻzbekcha
- Uygʻurcha
- Qipchoq
- Qozoqcha
- Qirgʻizcha
- Qoraqalpoqcha
- Tatarcha
- Boshqirdcha
- Qorachoy-Bolqorcha
- Qoʻmiqcha
- Noʻgʻoycha
Nega asosiy aholisi musulmon boʻlgan turkiy tillar tanlangan?
Musulmon turkiy xalqlar arab va fors tillaridan kuchli tasirlangan va bu tillardan qabul qilingan soʻzlar oʻrtacha 50% dan ortiqdir. Musulmon boʻlmagan Chuvash, Yoqut singari tillarni qoʻshadigan boʻlsak, unda Ortatilning tushunilish darajasi ancha pastga tushishi mumkin.
Ortatil yasama tilmi?
Bu savolga ham "ha", ham "yoʻq" deb javob berish mumkin. Chunki Ortatilda boshqa turkiy tillarda boʻlmagan xususiyatlar boʻlmaydi. Shu bilan birga, hech bir mavjud turkiy tilga toʻliq mos tushmaydi va halicha bu til hech kimning ona tili emas. Shuning uchun buni adabiy tilga qiyoslash mumkin. Chunki adabiy til ham jamiyat tarafidan qabul qilingan tildir. Odamlarning kundalik soʻzlashuvi adabiy tildan ancha farq qilishi mumkin.
Ortatil qanday tuziladi?
Loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi:
- Til guruhlarini tuzish
- Alifbo va tovushlarni tanlash (Fonetika, Imlo)
- Grammatika qoidalarini tanlash (Morfologiya, Sintaksis)
- Soʻzlarni tanlash (Semantika)
- Har bir tildan bir dona kitob tarjima qilish
Loyiha qanday ishlashi haqida pastda batafsil toʻxtalamiz.
Nega turkiy tillar ichidan birontasi tanlab olinmadi?
Oʻtmishda bu haqda bahslar boʻlgan. Turli fikrlar oʻrtaga tashlangan. Masalan:
- Oʻzaro til sifatida Turkiya turkchasini qabul qilish, chunki bu til turkiy tillar ichida gaplashuvchilari soni jihatidan birinchi oʻrinda turadi.
- Ozarbayjonchani umumiy til sifatida qabul qilish, chunki iddaolarga koʻra bu til boshqa turkiy tillar uchun eng tushunarli til.
- Oʻzbek tilining Xorazm shevasini asos qilib olish, chunki unda ham oʻgʻuz shevasining, ham qarluq shevasining alomatlari mavjud.
Afsuski, hozir turkiy tilli xalqlar oʻzlarini turk deb his qilmaydilar. Shuning uchun ham biz "turkiy" degan forscha soʻzni ishlatayapmiz. "Oʻzbek turkchasi", "Qozoq turkchasi" deb nomlashga harakat qilishdi, lekin bu tushuncha turkiy tilli xalqlarga uncha singmadi. Turkchani (Turkiya turkchasi) boshqa turkiy qavmlarga ixtiyoriy qabul qildirish mushkul, balki imkonsizdir.
Aksar turkiy xalqlar rus istibdodi davrida til zulmiga uchrashgan, ularga rus tili majburiy tiqishtirilgan, rus tilining ustunligi singdirishga harakat qilingan. Shuning uchun oʻz tillaridan farqli koʻrayotgan Turkiya turkchasini qabul qildirishga harakat qilish keraksiz holda rus istibdodini esga keltirishi mumkin.
Shuning uchun eng toʻgʻri va qabul qilinish imkoni yuqori yoʻl bu har bir turk tili vakili uchun tushunarliroq va tanishroq boʻlgan bir oʻzaro aloqa tilini yaratishdir.
Ortatil hozir chiqqan yangi gʻoyami?
Yoʻq, oʻtmishda, ayniqsa jadidchilar zamonida umumiy til haqida fikrlashishgan. Masalan, Ismoil Gaspirali tarafidan 1839 yili JALPI tili ishlab chiqilgan. Ammo ular zamonida shart-sharoit, axborot almashuv texnologiyalarining rivojlanmaganligi bu ishni juda qiyinlashtirgan va bu til ommalashmagan.
Hozirgi axborot, internet zamonida bu loyihani amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yetarli, axborot-texnologiya bu ishni amalga oshirishni yengillashtiradi, inshaalloh.
Loyihani amalga oshirish yoʻli
Loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi:
- yuqorida keltirilgan til guruhlarini tuzish
- alifboni tanlash
- grammatika qoidalarini tanlash
- soʻzlarni tanlash
- har bir turkiy tildan bittadan adabiy kitob tarjima qilish
Alifbo
Alifbo Umum Turkiy Alifbo harflari ichidan tanlab olinadi. Umum Turkiy Alifbo:
A Ä B C Ç D E F G Ğ H I İ J K L M N Ň O Ö P Q R S Ş T U Ü V W X Y Z
a ä b c ç d e f g ğ h ı i j k l m n ň o ö p q r s ş t u ü v w x y z
Alifboda lahja talaffuzlarini saqlash yoʻli gʻoyasi
Turkiy tillardagi lahjalarning oʻziga xos talaffuz farqliliklari bor. Masalan, oʻgʻuz lahjasida g, d bilan boshlanadigan soʻzlar Qarluq va Qipchoq lahjalarida k va t bilan yoziladi: görmek - koʻrmoq, dört - toʻrt kabi. Bu holatda oʻrta yoʻl topish juda qiyin. Bu muammoni yechishning bir ehtimoliy yoʻli bu kabi lahjaga xos harflar uchun maxsus harf yoki belgi tanlash boʻlishi mumkin. Bu harflar faqat soʻz boshida kelgani bois katta chalkashlik tugʻdirmaydi va har bir lahja uchun talaffuzda oʻz xususiyatini saqlab qolish imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda, mana shu yoʻl bilan bir soʻzni oʻgʻuz lahjasida soʻzlashadiganlar g va d deb, qarluq va qipchoq lahjalarida soʻzlashuvchilar esa k va t deb talaffuz qilishlari mumkin.
Quyidagi misollar bu gʻoyani qanday koʻrinishda boʻlishini koʻrsatish uchun. Kelajakda boshqa belgilar bilan almashtirilishi mumkin:
- ꝁelmäk - bu soʻzni oʻgʻuzlar gelmäk, qipchoqlar kelmäk deb oʻqishadi.
- đurmaq - bu soʻzni oʻgʻuzlar durmaq, qarluqlar turmaq deb oʻqishadi.
- ꝗardaş - bu soʻzni turklar kardaş, ozarbayjonlar gardaş, oʻzbeklar qardaş deb oʻqiydi.
Tanlash usuli
Tanlash qarori - berilgan soʻz yoki qoʻshimchaning Tushunarlilik Qiymati (TQ) asosida amalga oshiriladi. Tushunarlilik Qiymati miqdori quyidagicha (oʻzgarishi mumkin):
- Adabiy tilda mavjud = 1.00
- Eskirgan adabiy tilda mavjud = 0.50
- Keng tarqalgan shevada mavjud = 0.30
- Keng tarqalmagan shevada mavjud = 0.15
Berilgan soʻz yoki qoʻshimchaning TQsi har bir tilda oʻlchanadi. Soʻngra, uch til lahjalari boʻyicha oʻrtalanadi. Soʻngra uch lahja miqdori bir-biriga qoʻshilib, Oʻrtacha Tushunarlilik Qiymati (OʻTQ) hosil boʻladi. OʻTQning darajasiga qarab, berilgan soʻz yoki qoʻshimcha Ortatilga qabul qilinadi yoki muhokamaga qoʻyiladi.
OʻTQning darajalari
- Agar OʻTQ 2.3 yoki undan katta boʻlsa, Ortatilga muhokamalarsiz qabul qilinadi.
- Agar OʻTQ 1.6 yoki undan katta boʻlsa, unda Ortatilga qabul qilinadi, lekin istalgan til guruhi etiroz bildirishi va muhokamaga qoʻyishi mumkin.
- Agar OʻTQ 1.6 dan past boʻlsa, unda faqat biron til guruhi tarafidan muhokamaga qoʻyilishi va ovoz berish orqali qabul qilinishi mumkin.
Misol
1-misol: "YEL" soʻzi ("breeze", "ветерок")
| Tillar | TQ |
|---|---|
| Turkcha | 1 |
| Ozarbayjoncha | 1 |
| Turkmancha | 1 |
| Oʻgʻuz lahjasi oʻrtalamasi | 1.00 |
| Oʻzbekcha | 1 |
| Uygʻurcha | 1 |
| Qarluq lahjasi oʻrtalamasi | 1.00 |
| Qozoqcha | 1 |
| Qirgʻizcha | 1 |
| Qoraqalpoqcha | 1 |
| Tatarcha | 1 |
| Boshqirdcha | 1 |
| Qipchoq lahjasi oʻrtalamasi | 1.00 |
| Oʻrtacha Tushunarlilik Qiymati (OʻTQ) | 3.00 |
2-misol: "ŞAMAL" soʻzi ("wind", "ветер")
| Tillar | TQ |
|---|---|
| Turkcha | 0 |
| Ozarbayjoncha | 1 |
| Turkmancha | 1 |
| Oʻgʻuz lahjasi oʻrtalamasi | 0.66 |
| Oʻzbekcha | 1 |
| Uygʻurcha | 1 |
| Qarluq lahjasi oʻrtalamasi | 1.00 |
| Qozoqcha | 0 |
| Qirgʻizcha | 1 |
| Qoraqalpoqcha | 1 |
| Tatarcha | 0 |
| Boshqirdcha | 0 |
| Qipchoq lahjasi oʻrtalamasi | 0.40 |
| Oʻrtacha Tushunarlilik Qiymati (OʻTQ) | 2.06 |
3-misol: "EKMEK" soʻzi ("bread", "хлеб")
| Tillar | TQ |
|---|---|
| Turkcha | 1 |
| Ozarbayjoncha | 1 |
| Turkmancha | 0 |
| Oʻgʻuz lahjasi oʻrtalamasi | 0.66 |
| Oʻzbekcha | 0 |
| Uygʻurcha | 0 |
| Qarluq lahjasi oʻrtalamasi | 0.00 |
| Qozoqcha | 0 |
| Qirgʻizcha | 0 |
| Qoraqalpoqcha | 0 |
| Tatarcha | 1 |
| Boshqirdcha | 1 |
| Qipchoq lahjasi oʻrtalamasi | 0.40 |
| Oʻrtacha Tushunarlilik Qiymati (OʻTQ) | 1.06 |
Bu 3 misol natijasi quyidagicha:
- YEL - 3.00
- ŞAMAL - 2.06
- EKMEK - 1.06
Demak, "YEL" soʻzi tortishuvlarsiz, shartlarsiz Ortatilga qabul qilinadi. "ŞAMAL" soʻzi qabul qilinadi, lekin Turk, Qozoq, Tatar guruhlari etiroz bildirishlari mumkin, chunki OʻTQ 2.3 dan past. "EKMEK" qabul qilinmaydi, lekin Turk, Ozarbayjon, Tatar, Boshqird guruhlari muhokamaga qoʻyishlari mumkin va ovoz berish orqali bu soʻz qabul qilinishi mumkin.
Aloqa
Agar yuqoridagi gaplar sizda qiziqish oʻygʻotgan boʻlsa, loyihaga hissa qoʻshish uchun "ortatil@gmx.com"ga maktub yoʻllang.